KARMANA TUMANI XALQ TA’LIMI BO‘LIMI MUDIRINING MUROJAATI

Assalomu-alaykum hurmatli ota-onalar!
O‘qituvchilar! O‘quvchilar!
Barchamiz yaxshi bilamizki, bugungi kunda Karmana tuman xalq ta’limi bo‘limida erishilgan yutuqlar ko‘pchilikka ma’lum. Erishilgan yutuqlar barchamizniki, shunday ekan kelajakdagi rejalarimiz, ta’lim sifati va mazmunini oshirish yuzasidan amalga oshiradigan ishlarimiz tumanda qo‘lni-qo‘lga berib ishlayotgan 2261 mingdan ortiq pedagoglarimizning jonkuyarligi, fidoiyligiga bevosita hamda bilvosita bog‘liq. Tugab borayotgan o‘quv yilida tumandagi 31 ta umumta’lim maktablarini 1564 nafar 11-sinf o‘quvchilari tamomlaydi. Bu o‘quvchilarning 15 nafari oltin, 1 nafari kumush medal hamda 79 nafari a’lo darajali shahodatnoma bilan tugallashi kutilmoqda. Joriy yilning ayni paytigacha 11-sinf bitiruvchilarining 47 nafari muddatidan oldin oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish imkoniyatini qo‘lga kiritdi. Ularning 33 nafari IELTS va boshqa xalqaro sertifikatlarga ega bo‘ldilar.
Joriy yilning 8-aprel kuni Navoiy viloyati Karmana tumanidagi    2-son umumta’lim maktabiga rahbarlik qilayotgan Tursunoy Xalilova “Bir million dasturchi” loyihasida maktab o‘quvchilari qayd etgan yuqori natijalari uchun “Prezident sovg‘asi” - “Spark” avtomobili bilan taqdirlandi. Hozirda Navoiyda 35 mingdan ortiq o‘quvchi zamonaviy dasturlashni o‘rganmoqda, 18 567 nafari “Bir million dasturchi” loyiha doirasida sertifikatlarini qo‘lga kiritgan. Maktabning bir qator informatika fani o‘qituvchilariga “Xalq ta’limi a’lochisi” ko‘krak nishoni, noutbuk hamda faxriy yorliqlar topshirildi. Ta’kidlashimiz joizki, 2020-yil yakunlari bo‘yicha “Bir million dasturchi” loyihasi doirasida eng faol informatika o‘qituvchilari Navoiy viloyati hissasiga to‘g‘ri kelgan. 2021-yilning 22-23-may kunlari Navoiy shahrida Respublika miqyosida o'tkazilgan olimpiadada rus tili fanidan Karmana tumanidagi 4-umumiy o'rta ta'lim maktabi               11-"A"-sinf o'quvchisi Qayumova Nodira Karim qizi Respublika miqyosida 3-o'rinni qo'lga kiritdi. Qayumova Nodira Karim qizi Xalq ta'limi vazirligi tomonidan 3-darajali diplom, tashakkurnoma hamda planshet bilan taqdirlandi. O'zbekiston yoshlar ittifoqi Navoiy viloyati kengashi tomonidan tashkil etilgan "Eng na'munali maktab sardorlari" ko'rik tanlovida Karmana tumani 9-umumiy o'rta ta'lim maktabi "TASHABBUSKOR YOSHLAR" jamoasi viloyatda faxrli 1- o'rinni egallab g'oliblikni qo'lga kiritishib, tanlovning Respublika bosqichiga yo'llanmani qo'lga kiritishdi. Respublika bosqichi Namangan viloyatining  Chust shahrida bo'lib o'tishi rejalashtirilgan. O'quvchilarimizning o'z oldilariga qo'ygan istiqbolli rejalari "Yoshlar kelajak bog'i" ni tashkil etishdan iborat. O'quvchilarimizga Respublika bosqichida omadlar tilaymiz. Tumanimizdagi 5-umumiy o'rta ta'lim maktabi o'quvchilari jamoasi 2021-yil 13-iyun kuni Rossiyaning Tol'yati shahrida o'tkazilgan xalqaro qo'l to'pi musobaqasida tumanimiz sharafini munosib himoya qilishib, 42 ta davlat orasidan faxrli 3-o'rinni egallashdi. Sportchilarimizning kelajakdagi ishlariga omadlar tilaymiz.Yutuqlari hamisha bardavom bo‘lsin. 
Muhtaram yurtboshimiz tomonidan 2019-yil 23-avgustda o‘tkazgan xalq ta’limi tizimini rivojlantirishga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida: “Maktab - bu hayot-mamot masalasi, kelajak masalasi... Maktab ishi bu umummilliy harakatga aylanishi kerak”, degan edi. Haqiqatan ham maktabni o‘zgartirmasdan turib, odamni, jamiyatni o‘zgartirib bo‘lmaydi. Prezident fan va ta’lim tizimiga taalluqli bir qator strategik yo‘nalishlarni belgilab berdilarki, undan kelib chiqadigan vazifalar tizimda faoliyat olib borayotgan mutaxassislar yangilanayotgan O‘zbekistonning ta’lim siyosati mazmun-mohiyatini yanada chuqurroq anglashini taqozo qiladi. 
Jonajon Vatanimiz mustaqilligining o‘ttiz yillik to‘yiga munosib to‘yona sifatida Navoiy viloyati hokimi K.Tursunovning bevosita tashabbusi bilan “O‘zbekiston mustaqilligi 30 yilligiga 30 ta maktab” shiori ostida o‘ziga xos loyihani ilgari surmoqchimiz. Tumanning ilmiy salohiyati, pedagoglarning bilim va fidoiyligi, o‘ziga xos tajriba maktabiga tayanib, 31 ta umumta’lim maktab bitiruvchilarining 70% dan ortig'ini  oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishlarini oldimizga maqsad qilib qo'ydik. Bu yo‘lda Siz, aziz ota-onalar, jonkuyar o‘qituvchilar, bilimli yoshlarga tayanamiz. Zero, mamlakatimizning ertangi taraqqiyoti, nurli kelajak, yorqin hayot, farovon turmush – barchamizniki.
O‘tayotgan yilimiz barcha sohada bo‘lgani singari xalq ta’limi tizimida ham yangilik, hayotiy islohotlarning amaliyotga joriy etilishi bilan kechmoqdaki, bu borada viloyatda kelajak avlodga ta’lim berayotgan ko‘p ming sonli pedagoglarimizning mashaqqatli, shu bilan birga sharafli ishlarini alohida e’tirof etishimiz joiz. 
Aziz Karmanaliklar!
Hurmatli vatandoshlar!
Ota-onalar va ularning farzandlari!
Yurt sha’ni, millat taqdiriga befarq bo‘lmagan barchangizni mazkur loyihaga qo‘shilib, qo‘lni-qo‘lga berib, munavvar istiqbol sari biz bilan birga odimlashingizga ishonamiz! Bizni Vatan kutmoqda!




ORQAGA QAYTISH

© 2018 NUROTA-MTB.UZ